

Bugun, 25 may kuni butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi viloyatimizdagi mavjud 538 ta umumta’lim maktablarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ko‘tarinki ruhda tashkillashtirildi.
Buxoro shahridagi 1-umumta’lim maktabida tashkil etilgan ana shunday tantanada viloyat hokimi Botir Zaripov, viloyat hokimining tegishli o‘rinbosarlari, xalq ta’limi boshqarmasi mas’ullari, maktab jamoasi va ota-onalar ishtirok etishdi. Bu yil maskanni 127 nafar o‘g‘il-qiz tamomladi. E’tiborli jihati, ularning 3 nafari muddatidan oldin xorijiy oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, xorijiy oliy ta’lim muassasalarining O‘zbekistondagi filiallari talabasiga aylanishgan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
Viloyat rahbari Prezidentimizning mamlakatimiz maktablari bitiruvchilariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Davlatimiz rahbarining tabrigini nafaqat mustaqil hayot ostonasida turgan yoshlar, balki ularning ota-onalari va ustozlar ham katta qiziqish hamda zo‘r hayajon bilan tingladi.
Botir Zaripov bitiruvchilarni davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarni qadrlab, ulardan yanada samarali foydalanishga chaqirdi. Ularga oq yo‘l tiladi. Tadbirda bitiruvchilar ham so‘z olib, ta’lim-tarbiya bergan ustozlari, ota-onalari ishonchlarini oqlashga va’da berdilar.
Tadbir doirasida yil davomida namunali xulq va a’lo baholarga o‘qib, eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan iqtidorli bitiruvchilar rag‘batlantirildi.
Buxoro shahridagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi o‘quvchilari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarni raqsga chorladi. Maktab uzra jarang sochgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” dillarga zavq ulashdi.
Tadbir yakunida o‘quvchilar “Xayr, maktabim” qo‘shig‘ini jo‘rlikda ijro etdilar.
Xalq ta’limi boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, bu yil viloyatimizdagi maktablarni 22 ming 412 nafar o‘quvchi maktabni bitirmoqda. O‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ularning 18 ming 67 nafari oliy o‘quv yurtlariga kirish istagini bildirgan. 840 nafari texnikumlarga, 454 nafari kollejda o‘qishni davom ettirmoqchi. Maktab ostonasidanoq, “Ustoz-shogird” an’anasiga ko‘ra, o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlagan o‘quvchilar soni 1 ming 93 nafarni tashkil etmoqda. 551 nafari tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi. 1 ming 102 nafari esa hunar o‘rganib, ishlamoqchi.
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari viloyatimizning barcha maktablarida bo‘lib o‘tdi. Tadbirlarda o‘quv yili davomida o‘qish va ish faoliyatida o‘rnak ko‘rsatgan ijodkor pedagog-xodimlar, a’lochi o‘quvchilar, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlariga ham alohida e’tibor qaratildi.