

#илғор_тажриба
Peshku tumanilik yosh, izlanuvchan va mahoratli tarix fani o‘qituvchilari Gulchiroy Jumayeva hamda Gulchiroy Yo‘ldoshevalar hammuallifligida yaratilgan “Moziyga nazar” nomli metodik qo‘llanma yaqinda respublika miqyosida ommalashtirildi.
Bir-biriga qo‘shni bo‘lgan maktablarda faoliyat yuritib kelayotgan bu muallimlar tarix fani darslarini sifatli va samarali tashkil etish, murakkab mavzularni sodda usullarda tushuntirish, o‘quvchilardagi bo‘shliqlar va ularni to‘ldirish borasida anchadan buyon birgalikda izlanishlar olib borishmoqda. Ushbu qo‘llanma ana shu izlanishlar samarasidir.
Qo‘llanma foydalanish uchun qulayligi, tarixiy ma’lumotlar bazasining ixchamlashtirilgan holda to‘planganligi, zamonaviy metodlar va axborot-kommunikatsion texnologiyalaridan o‘z o‘rnida foydalanilganligi, mashg‘ulot jarayonida o‘qituvchi emas o‘quvchining faol bo‘lishga, o‘z imkoniyatlarini namoyon qila olishiga yo‘l ochib berilganligi, shuningdek mashg‘ulotlarning faqat nazariy tarzda emas, balki amalda bajarib, o‘z ustida ishlashga undashi bilan ham ahamiyatlidir.
Ma’lumot uchun
Gulchiroy Yo‘ldosheva 2013-yildan buyon Peshko‘ tumanidagi 22-umumta’lim maktabida faoliyat yuritadi. “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi”, “Muallim mahorati” tanlovlarining tuman bosqichi g‘olibi, tuman, viloyat va respublika miqyosidagi forumlarning faol ishtirokchisi. 2020-2021-o`quv yilida muallimaning “Matematik xronoss” nomli meodik tavsiyasi viloyat miqyosida ommalashgan.
Gulchiroy Jumayeva, 2016-yildan buyon tumandagi 21- umumta’lim maktabida tarix fani o‘qituvchisi sifatida ishlab kelmoqda. Faoliyatining dastlabki yillaridan boshlab o‘quvchilari Bilimlar bellashuvi hamda fan olimpiadalarining tuman hamda viloyat bosqichlarida yuqori natijalarni qayd etib kelishmoqda. Mahoratli o‘qituvchi 2019- yilda “Muallim mahorati” tanlovining tuman, “Eng yaxshi metodik tavsiya” tanlovining viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 2021-yilda metodik qo‘llanmasi viloyat miqyosida ommalashtirildi.
Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati