FAXRIY O‘QITUVChINING XONADONIDA MAKTAB O‘QUVChILARI HAM HUNAR O‘RGANIB, HAM MAOSH OLISHMOQDA

FAXRIY O‘QITUVChINING XONADONIDA MAKTAB O‘QUVChILARI HAM HUNAR O‘RGANIB, HAM MAOSH OLISHMOQDA

Buxoro tumanidagi “Dehcha” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “Dehcha” qishlog‘i zamonaviy mebelsozlar qishlog‘i hisoblanadi. Barot bobo Turdiyev va Hamida buvi Rahmatovalar ham aynan shu hududda istiqomat qilishadi.

Barot bobo uzoq yillar davomida pochta xizmatida ishlagan, Hamida buvi esa tumandagi 21-umumta’lim maktabida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritgan. Ularning xondanida tashrif buyurar ekansiz, avvalo, saranjom-sarishtalik, obodonchilik, gulzorda ochilib turgan turfa gullar ifori, uy sohiblarining muomala madaniyati, ochiq chehraligi sizni o‘ziga rom etmasdan qo‘ymaydi. Bu xonadonda har kimning o‘z hunari va yumushi bor. Hamida aya maktabdagi bir necha qizlarni yoniga olib, qadimiy hunarlarimizdan ko‘rpa va ko‘rpacha qavish siz-asrorlarini o‘rgatadilar. Kelinlari Irodaxon esa zamonaviy tikuv mashinasida qizlarga tikish-bichish sirlaridan saboq beradi. O‘g‘illari Bahrillo sinf o‘quvchilariga darsdan bo‘sh vaqtlarida mebel yasashni o‘rgatmoqda. O‘quvchilar bir necha oyda ham hunar o‘rganadilar ham ma’lum miqdorda ish haqi ham oladilar.

– Men ham akam bilan birga ustozim Bahrillo akadan mebelchilik sir-asrorlarini o‘rganyapman, -deydi maktab bitiruvchilaridan biri Sherzod Safarov. -Yasagan mebellarimiz juda xaridorgir. Hunar o‘rganish bilan bir qatorda qo‘shimcha mablag‘ topib, oilamga nafim tegayotganidan xursandman.

Ayni paytda BuxDUning tasviriy san’at va muhandislik grafikasi fakultetiga o‘qishga kirish uchun ham tayyorlanyapman. Bugun biz, yoshlarga, yurtboshimiz tomonidan ulkan imkoniyatlar eshigi ochib berilmoqda. Oliy ta’limga kirish uchun yaratilgan qulayliklar, tadbirkor yoshlar uchun biznes reja asosida banklar tomonidan berilayotgan foizsiz kreditlar – bularning bari bizga qilinayotgan g‘amxo‘rlik namunasidir. Kelajakda imtiyozli kredit hisobiga o‘z syeximni ochib, qishlog‘imiz yoshlari uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirganman.

Yoshlarning chehrasiga boqib, mashg‘ulotidan mamnunlik hissini tuyayotganligi sezasiz. Bugun ularning tikkan ko‘rpa-ko‘rpachalari yurtdoshlarimiz xonadonlarini to‘ldirib tursa, mebellari yaxshi kunlarida xizmat qilayotganini chin qalbdan his qilib tursa, buning ustiga mehnati evaziga mablag‘ ham olib, oilasiga ko‘maklashayotgan bo‘lsa, shuning o‘zi baxt emasmi?

Hamida aya va Barot bobo kabi nuroniy keksalarimiz yoshlarimizga ana shu haqiqatni anglab yetishda va ularning jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlarida beminnat yordam ko‘rsatayotganliklari tahsinga loyiq.

Nasiba RO‘ZIYeVA, Buxoro tumanidagi 21-sonli umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi

Author: Buxoro viloyat XTB

AKT

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *