BIR YILDA RESPUBLIKADA “YILNING ENG YAXSHI FAN O‘QITUVChISI”, UCh YILDA OLIY TOIFALI PEDAGOGLIK MAQOMIGA ERISHGAN 28 YOSHLI MUALLIMA

Hikoyam qahramoni Barchinoy Karimova endigina 28 yoshga qadam qo‘ydi. Men faoliyat yurtiyotgan Buxoro shahridagi 39-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida 2018 yilda ilk pedagoglik faoliyatini o‘zbek tili fani o‘qituvchisi sifatida boshlagan. O‘shandayoq bu yosh pedagog izlanuvchanligi, ijodkorligi va tirishqoqligi bilan ko‘pchilikni hayron qoldirgan. Ayni shu sifatlari tufayli u faoliyatining dastlabki yilidanoq birin-ketin yutuqlarga erisha boshladi. 2019 yilda dastlab “Eng yaxshi videodars” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichida, “Eng yaxshi metodik tavsiya” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida faxrli 1-o‘rinlarni egalladi. Shu yili uning “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgani nafaqat yosh muallima uchun, balki butun jamoamiz uchun katta yutuq bo‘ldi. Ushbu yutug‘i uchun Barchinoy Karimova “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Muallimaning o‘quvchilari ham 2 yildan buyon fan olimpiadalarining shahar va viloyat bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga bermay kelishyapti.
2020 yil ham izlanuvchan yosh pedagog uchun nihoyatda omadli keldi. Shu yili u oliy malaka toifasiga ega bo‘ldi.
Bir yilda respublikada “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi”, uch yilda oliy toifali pedagoglik maqomiga erishgan 28 yoshli muallimadan muvaffaqiyatlarining siri haqida so‘raganimizda: “O‘qituvchilik men uchun shunchaki kasb emas, balki hayotimning mazmuni. O‘quvchilarim esa – men qalb qo‘rimni berib, barpo etishni chin dildan istayotgan bog‘imning navnihollari”,- deya javob berdi.
Ayni kunlarda tinib-tinchimas ustoz o‘zbek tili fani o‘qituvchilari uchun yana bir foydali metodik qo‘llanma tayyorlash ustida ish olib bormoqda. Bir daqiqa ham izlanishdan, oldinga intilishdan to‘xtamaydigan yosh muallimaning ezgu yo‘ldagi ishlariga omad tilab qolamiz.
Mukarram Baxshilloyeva,
Buxoro shahridagi 39-sonli IDUMning
ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha
direktor o‘rinbosari

Author: Buxoro viloyat XTB

AKT

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *