Joriy yilning 19 dekabr kuni “Buxoroliklar” telegram kanali orqali tarqatilgan Qorako‘l tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining hatti-harakatlariga nisbatan norozilik bildirilgan audiomurojaatga munosabat

Audiomurojaatda maktabning bir guruh o‘qituvchilari nomidan direktor o‘z faoliyatida qator qonunga zid harakatlar sodir etayotganidan shikoyat qilingan.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan ushbu mazmundagi murojaat mualliflar ishtirokida o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlar jarayonida tabiiy ofat natijasida maktab binosidan olingan yaroqli va qisman zarar ko‘rgan qurilish materiallari maktabning ishchi xodimlari va hududda yashovchi fuqarolarga sotilganligi ma’lum bo‘ldi. Maktabning yer maydonlari esa ikki tomonlama shartnoma asosida 8 nafar fuqaroga ijaraga berilganligi aniqlandi. Qurilish materiallari sotuvidan va ijara to‘lovidan tushgan mablag‘lar maktabni obodonlashtirish va ta’mirlash ishlariga sarflangan. Ammo bu mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 apreldagi 344-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xalq ta’limi muassasalarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga nomunofiq ravishda maktabning kasaba uyushma raisi tomonidan naqd pul ko‘rinishida qabul qilinib, kuzatuv kengashi a’zolari ishtirokida dalolatnoma asosida sarflangan.
Shuningdek, o‘rganishlar mobaynida maktabda 2020-2021-o‘quv yilida uyda ta’lim oluvchilarga dars mashg‘ulotlarini o‘tuvchi pedagoglarni tayinlashda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi ham aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari belgilandi.
Maktabning faollar zalida boks ringgi o‘rnatilganligi haqidagi vaj ham bir qadar tasdig‘ini topdi. Tumandagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiysi sifatida faoliyat yuritayotgan maktab direktorining akasi ushbu ta’lim muassasasida boks to‘garagini tashkil etib, 70 nafarga yaqin o‘quvchilarga boks mashg‘ulotlarini o‘tab kelmoqda. Ammo mashg‘ulotlarning faollar zalida olib borilayotganligi ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga xalaqit qilishi tabiiy. Shu bois ham boks ringini maktabning boshqa bo‘sh xonasiga ko‘chirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Murojaatda keltirilgan boshqa vajlar bo‘yicha qonunbuzilish holatlari aniqlanmadi.
Byudjetdan tashqari topilgan mablag‘larni rasmiylashtirishda va o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishda xatoliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun maktab direktoriga nisbatan belgilangan tartibda jazo chorasi qo‘llanildi.

Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi

Author: Buxoro viloyat XTB

AKT

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *